Qarzdordan undirilgan pul summasi ijro hujjatlari boʻyicha barcha talablarni qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmasa, bu summa undiruvchilar oʻrtasida ushbu Qonunning 80-moddasida belgilangan navbat boʻyicha taqsimlanadi. Har bir keyingi navbatdagi talablar oʻzidan oldingi navbatdagi talablar toʻliq qondirilgandan keyin qanoatlantiriladi. Undirilgan summa bir navbatdagi barcha talablarni toʻla qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmasa, ular har bir undiruvchiga tegishli summaga mutanosib ravishda qanoatlantiriladi.