Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 8-3-modda. Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilayotganda ijro hujjatlariga ilova qilinishi kerak boʻlgan hujjatlar

Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilayotganda ijro hujjatlariga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak: 1) ushbu Qonunning 8²-moddasida koʻrsatilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlari tegishli davlat organiga, tashkilotga yoki uning mansabdor shaxsiga taqdim etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 2) isteʼmol qilingan energiya resurslari va ichimlik suvi uchun majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilguniga qadar qarzdor yuridik shaxs (bundan qonunchilikka binoan tarmoqlardan uzilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan isteʼmolchilar mustasno) energiya resurslari tarmoqlaridan va suv taʼminotidan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 2¹ ) isteʼmol qilingan elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilguniga qadar qarzdor jismoniy shaxs energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 3) undiruvni garov bilan taʼminlangan mol-mulkka qaratish haqidagi ijro hujjatlari boʻyicha garov toʻgʻrisidagi shartnoma; 4) soliq qarzini undirishga doir ijro hujjatlari boʻyicha inkasso topshiriqnomalarining (toʻlov hujjatlarining) sanasi, raqami va summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ushbu mol-mulk xatlangan taqdirda, mol-mulkni xatlash haqidagi qaror va bayonnoma. Mol-mulkni davlat daromadiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlariga ilova qilinishi kerak boʻlgan hujjatlar qonunchilikka muvofiq belgilanadi.