Ijro hujjatida quyidagilar koʻrsatilishi lozim: 1) ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organning nomi; 2) ijro hujjatining qaysi ish boʻyicha berilganligi va uning tartib raqami; 3) ijro etilishi shart boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjati qabul qilingan sana; 4) undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari; jismoniy shaxslar uchun — qarzdorning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi, qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami hamda mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek undiruvchining va qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 5) sud hujjati yoki boshqa organ hujjatining qaror qismi; 6) sud hujjati yoki boshqa organ hujjati kuchga kirgan sana; 7) ijro hujjati berilgan sana va uni ijroga topshirish muddati. Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjati sudya tomonidan imzolanadi va sudning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi. Boshqa organning hujjati asosida berilgan ijro hujjati mazkur hujjatni qabul qilgan organning vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va tegishli organning muhri bilan tasdiqlanadi. Sud buyrugʻining hamda alimentlar toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvning, shuningdek notarius ijro xatining mazmuni qonunchilik bilan belgilanadi.