Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 83-1-modda. Bosh davlat ijrochilarining va ular oʻrinbosarlarining vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, shuningdek ularning oʻrinbosarlari: quyi turuvchi davlat ijrochilaridan ijro ishi yuritish materiallarini, hujjatlar va ijro hujjatining ijro etilishi jarayoni toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlarni tekshirish uchun talab qilib oladi; ijro ishi yuritish, shu jumladan u yoki bu ijro harakatlarini amalga oshirish boʻyicha yozma koʻrsatmalar beradi; davlat ijrochilarining noqonuniy va asossiz qarorlarini bekor qiladi; davlat ijrochisi ijro ishi yuritish jarayonida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻygan taqdirda, uni ijro harakatlarini bundan buyon amalga oshirishdan chetlashtiradi; davlat ijrochilarining harakatlari (harakatsizligi) va qarorlariga doir shikoyatlarni koʻrib chiqadi. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq surishtiruv organi boshligʻining vazifalarini bajaradi. Qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, shuningdek ularning oʻrinbosarlari boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.