Agar davlat ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirishda qabul qiladigan qarorlari (ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish, ijro yigʻimini undirish, jarima solish va boshqalar) ijro ishini yuritishdagi taraflar va boshqa shaxslar manfaatlariga daxldor boʻlsa, davlat ijrochisi tegishli qaror chiqaradi, u ijro ishiga qoʻshib qoʻyiladi. Davlat ijrochisining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi shart: qaror chiqarilgan sana va joy; qarorni chiqargan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi va otasining ismi; qaror qaysi ijro ishi yuritish yuzasidan chiqarilganligi; qaror orqali hal qilinadigan masala; qabul qilinayotgan qarorning davlat ijrochisi amal qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlarini koʻrsatgan holdagi asoslari; koʻrilayotgan masala boʻyicha xulosa; qaror ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish tartibi va muddati. Davlat ijrochisining maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzilmagan holda chiqariladi va alohida ijro ishi yuritish qoʻzgʻatilmasdan ijro etiladi. Davlat ijrochisining qarori ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin.