Undiruvchi va qarzdor ijro ishi yuritishdagi taraflar hisoblanadi. Ijro hujjati kimning foydasiga yoki manfaatlarini koʻzlab berilgan boʻlsa, oʻsha shaxs undiruvchi hisoblanadi. Ijro hujjatida nazarda tutilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni undiruvchiga berish yoxud muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyati zimmasiga yuklatilgan shaxs qarzdor hisoblanadi. Ijro ishi yuritishda bir necha undiruvchi yoki qarzdor ishtirok etishi mumkin. Ularning har biri boshqa tarafga nisbatan ijro ishi yuritishda mustaqil ishtirok etadi yoki ijro harakatlarida ishtirok etishni sheriklardan biriga topshirishi mumkin.