Sudlar toʻgʻrisida 18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi: oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar boʻyicha koʻrib chiqadi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida sud amaliyotining dolzarb masalalarini koʻrib chiqadi va qonunchilikning qoʻllanilishi yuzasidan tushuntirishlar beradi; harbiy sudlarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining tashkiliy faoliyatini oʻrganadi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; sud amaliyoti va sud statistikasining tizimli tahlilini amalga oshiradi; sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.