Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi koʻrib chiqishi uchun masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokurori qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan tushuntirishlar berilishi haqida takliflar kiritishga haqli. Masalani koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining yoki buning uchun vakolat berilgan boshqa shaxsning maʼruzasini eshitishdan boshlanadi. Masalaning muhokamasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisiga taklif qilingan shaxslar ishtirok etishi mumkin. Qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirish berilgan qonunchilikni qoʻllayotgan davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.