Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida oʻn besh yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida yetti yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi boʻlishi mumkin. Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida oʻn yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudining sudyasi boʻlishi mumkin. Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, oʻttiz besh yoshga toʻlgan va yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida yetti yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi boʻlishi mumkin. Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda oʻqishi shart. Oʻqish davrida ular asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq oʻqishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi.