Sudlar toʻgʻrisida 74-modda. Sudyalar intizomiy javobgarligining asoslari

Sudya faqat tegishli sudyalar malaka hayʼati qaroriga binoan quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin: odil sudlovni amalga oshirish chogʻida qonuniylikni buzganligi uchun; sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun; sudyalik shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda sudning obroʻsini tushiradigan nojoʻya xatti-harakat sodir etganligi uchun; Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganligi uchun. Sud qarorining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishining oʻzi, sud qarorini chiqarishda qatnashgan sudyaning, agar u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yoʻl qoʻymagan boʻlsa, javobgar boʻlishiga sabab boʻlmaydi. Agar intizomiy jazo choralari berilganidan keyin bir yil mobaynida sudya ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etmasa, u intizomiy javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi. Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.