Sudyalar malaka hayʼatlari quyidagi masalalarni koʻrib chiqish uchun tuziladi: sudyaning intizomiy javobgarligi; sudyaning vakolatlarini toʻxtatib turish yoki muddatidan ilgari tugatish; sudyaning daxlsizligini taʼminlash; sudyaga malaka darajasini berish; xalq maslahatchilarini tanlash va ularning saylovini oʻtkazish boʻyicha ishlarni tashkil qilish; sudyaning qasamyodi va Sudyalar odobi kodeksiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish. Sudyalar malaka hayʼatlari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishida unga koʻmaklashadi. Sudyalar oliy malaka hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi sudyalari qurultoyi tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari sudyalarining malaka hayʼatlari tegishli sudlar sudyalarining konferensiyalarida besh yil muddatga saylanadi. Sudyalar malaka hayʼatlarining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.