Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari quyidagi huquqlarga ega: sugʻurtaning (qayta sugʻurtaning) har qanday turi boʻyicha vositachilik faoliyatini vakolatlari doirasida amalga oshirish, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno; sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasi tuzilgan taqdirda, sugʻurtalovchini tanlash; sugʻurtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondining, sugʻurta zaxiralarining hamda qabul qilingan majburiyatlarning miqdorlari toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar haqida maʼlumotlar olish; ekspert va maslahat xizmatlari koʻrsatish. Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari qonunchilikka hamda oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlari: sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi; sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasini tuzish va bajarish boʻyicha toʻliq, ishonchli hamda xolisona axborotni mijozlarning soʻrovlariga koʻra taqdim etishi; mijozning tijorat sirini va boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi; firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va (yoki) joylashgan yeri oʻzgargan taqdirda, bu haqda vakolatli davlat organini hamda sugʻurtalovchilarni xabardor qilishi; qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart. Sugʻurta va qayta sugʻurta brokerlarining zimmasida qonunchilikka hamda oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.