Sugʻurta syurveyeri quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir: sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasi tuzilguniga qadar sugʻurta (qayta sugʻurta) obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish; sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasi tuzilguniga qadar barcha faktlarni va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish, tavakkalchilik darajasini aniqlash; tekshirilayotgan sugʻurta obyekti boʻyicha xulosa tuzish. Sugʻurta ekspertizasini oʻtkazishga vakolatli boʻlgan mutaxassislarning (ekspertlarning) ish tartibi sugʻurta syurveyeri tomonidan belgilanadi. Sugʻurta syurveyeri oʻz faoliyatini vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda boshlaydi va tugatadi. Sugʻurta syurveyerining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatining talablari va shartlari qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Sugʻurta syurveyeri oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi yoki sugʻurta qildiruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi. Sugʻurta syurveyeri: sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta operatsiyalarini oʻtkazishga; sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga; sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas. Sugʻurta syurveyeri ishining natijalari boʻyicha hisobot taqdim etilib, sugʻurtalovchi yoki sugʻurta qildiruvchi bu hisobotdan sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomasini tuzish chogʻida foydalanishi mumkin. Sugʻurta syurveyerining hisobotidagi xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.