Sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) va sugʻurta brokerlarining firma nomida ilgari tashkil etilgan sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) va sugʻurta brokerlarining firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilardan foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) va sugʻurta brokerlarining filiallari nomlari mustasno. Firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) va sugʻurta brokeri ommaviy axborot vositalari orqali bu haqda sugʻurta qildiruvchilarni xabardor qilishi, oʻzi bajarayotgan, bir yildan ortiq muddatga moʻljallangan shartnomalar boʻyicha esa yozma shaklda yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron hujjat shaklida xabardor qilishi shart. “Sugʻurta” atamasidan yoki bu atama qoʻshib yasalgan soʻz birikmalaridan faqat sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan firma nomida yoki tovar belgisida (xizmat koʻrsatish belgisida) foydalaniladi. Sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar “sugʻurta” atamasini oʻz firma nomiga kiritishi shart.