Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 5-modda. Transchegaraviy sugʻurta va qayta sugʻurta

Sugʻurta tashkiloti tomonidan boshqa davlat hududida sugʻurta shartnomalarini tuzish va bajarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq sugʻurta transchegaraviy sugʻurtadir. Sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkiloti tomonidan oʻzi qabul qilgan sugʻurta tavakkalchiliklarini qayta sugʻurtaga oʻtkazish prudensial normativlarni hisoblash tartibiga doir talablar hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan sugʻurta tashkiloti nomidan sugʻurta shartnomasini tuzish boʻyicha vositachilik faoliyatiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqayotgan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi mustasno. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqayotgan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan sugʻurta tashkiloti nomidan tuzish boʻyicha vositachilik faoliyatini vakolatli davlat organining tegishli sugʻurta klassi koʻrsatilgan litsenziyasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan sugʻurtalovchilar amalga oshirishi mumkin.