Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlar sugʻurta hodisalarining roʻy berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) miqdorlarini sugʻurtalovchi va adjaster tomonidan aniqlash uchun zarur boʻlgan tegishli axborotni hamda hujjatlarni sugʻurtalovchilarning va adjasterlarning soʻroviga koʻra taqdim etishi shart. Vakolatli davlat organi sugʻurta bozorining professional ishtirokchilaridan qabul qilingan pul mablagʻlari va majburiyatlarning miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni oʻz vakolati doirasida talab qilishga haqli. Bunday axborotni soʻrash soʻrov sabablari koʻrsatilgan holda yozma tarzda amalga oshirilishi kerak. Vakolatli davlat organi oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni davlat organlari va tashkilotlaridan soʻrab oladi hamda oʻzi olgan axborotga nisbatan maxfiylikka rioya etishi shart, bundan qonunga muvofiq axborotning oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar mustasno.