Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 18-modda. Yer osti boyliklari va foydali qazilmalardan foydalanish shartlari

Yer osti boyliklari va foydali qazilmalardan foydalanishga quyidagi shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi: qazib olishda yer osti boyliklari va foydali qazilmalar hamda ularga qoʻshilib chiqadigan boshqa tabiiy resurslardan kompleks va tejamli foydalanish taʼminlansa, shuningdek atrof-muhit va yer qaʼri ifloslanishining oldi olinsa; foydali qazilmalarni qazib olish chogʻida holati oʻzgargan yerlar rekultivatsiya qilinsa; qayta tiklanadigan foydali qazilmalardan tabiiy qayta tiklanishiga erishiladigan darajadagina foydalanilsa; yer osti boyliklaridan va keng tarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish sohasida belgilangan qoidalarga rioya etilsa; foydali qazilma konlarini ishga solish loyihalari boʻyicha, shuningdek mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kengaytirish loyihalari yuzasidan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlsa; yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma mavjud boʻlsa yoki yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga berish nazarda tutilgan mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim mavjud boʻlsa; foydali qazilmalarning yuzasini olishda hosil boʻladigan va sigʻdiradigan jinslar agʻdarmalari, saqlagichlar, terrikonlar ularning atrof-muhitga eng kam darajada zararli taʼsir koʻrsatishi taʼminlangan holda joylashtirilsa.