Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 29-modda. Ekologik nazoratning asosiy vazifalari

Ekologik nazoratning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish; atrof muhit holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni aniqlash; moʻljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash; yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash; atrof muhitdagi oʻzgarishlar, uning prognoz qilinayotgan holati, tabiiy resurslardan foydalanilishi va koʻrilayotgan tegishli chora-tadbirlar toʻgʻrisida davlat tashkilotlarini va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilish; tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini taʼminlash.