Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 41-modda. Korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash, ulardan foydalanish va ularni tugatishga doir ekologiya talablari

Korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash, kengaytirish va texnika bilan qayta uskunalash, ulardan foydalanish va ularni tugatish chogʻida ekologiya xavfsizligi talablari bajarilmogʻi, tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari nazarda tutilmogʻi lozim. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, ayrim shaxslar chiqitsiz va kamchiqit texnologiyalarni joriy etishlari, chiqindilarning hosil boʻlishini kamaytirishlari, ularni zararsizlantirishlari va qayta ishlashlari, chiqindilarni navlarga ajratish, toʻplash, koʻmib tashlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishlari shart. Faoliyati atrof tabiiy muhitga ancha zararli ekologik taʼsir etishi mumkin boʻlgan yirik xalq xoʻjalik obyektlarini rivojlantirish va joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar davlat ekologiya ekspertizasi xulosasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Ekologiya talablariga javob bermaydigan obyektlarni foydalanishga topshirish man etiladi.