Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 48-modda. Atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish, tugatish va oʻzgartirish

Korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlarning inson salomatligiga yoki yashash sharoitiga, tabiiy resurslarga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli taʼsir etgan yoki bunday taʼsir etish xavfi tugʻilgan taqdirda ularning faoliyati cheklanishi, toʻxtatib qoʻyilishi, zararli taʼsir etish sabablarini bartaraf etishning imkoni boʻlmagan taqdirda esa tugatilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Bunday obyektlarning faoliyatini cheklash, toʻxtatib qoʻyish, tugatish yoki oʻzgartirish hamda ayni vaqtda ularni pul bilan taʼminlashni toʻxtatish xususidagi qarorlarni davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, oʻz vakolatlariga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari chiqaradilar. Koʻrsatilgan choralar tadbirkorlik subyektlariga nisbatan sud tartibida qoʻllaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bogʻliq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish hollari mustasno.