Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga boʻlgan huquqqa ega boʻlib, bu nom uning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi. Firma nomiga boʻlgan huquq tadbirkorlik faoliyati subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan eʼtiboran yuzaga keladi Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan firma nomiga juda oʻxshash boʻlib, tegishli tadbirkorlik subyektlarini aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan firma nomi roʻyxatga olinishi mumkin emas. Tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish huquqi uning roʻyxatga olinganligi asosida beriladi. Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishga boʻlgan mutlaq huquq ana shu nom va belgi egasiga tegishli boʻladi. Firma nomini, tovar belgisini (xizmat koʻrsatish belgisini) nashr qilganda, omma orasida ijro etganda yoki ulardan boshqa tarzda foydalanganda firma nomining, tovar belgisining (xizmat koʻrsatish belgisining) oʻziga, xuddi shuningdek ularning ifodasiga biron-bir oʻzgartishlar kiritishga faqat ularning egasi roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Firma nomi, tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) daxlsizligiga boʻlgan huquq firma nomi, tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) egasiga tegishlidir.