Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan ragʻbatlantirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi: tadbirkorlik sohasiga investitsiyalarni (shu jumladan chet el investitsiyalarni), zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni jalb etish uchun, shuningdek bozor infratuzilmasi institutlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish; eksport-import operatsiyalari, xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlarini koʻrish; tadbirkorlik faoliyati subyektlari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni zarur huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnik va boshqa xil axborotlar bilan taʼminlash; zooveterinariya xizmati koʻrsatilishi uchun zarur sharoitlar yaratish; soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va tariflar boʻyicha imtiyozlar belgilash. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.