Taʼlim toʻgʻrisida 11-modda. Oliy taʼlim

Oliy taʼlim bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini taʼminlaydi. Oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash oliy taʼlim tashkilotlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar, oliy maktablar) amalga oshiriladi. Umumiy oʻrta (oʻn bir yillik taʼlim), oʻrta maxsus (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus taʼlim), boshlangʻich professional taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich professional taʼlim) olgan shaxslar, shuningdek ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) olgan shaxslar oliy maʼlumot olish huquqiga ega. Oliy taʼlim ikki bosqichga — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega. Bakalavriat oliy taʼlim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va koʻnikmalar beradigan, oʻqish davomiyligi kamida uch yil boʻlgan tayanch oliy taʼlimdir. Magistratura tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik boʻyicha oʻqish davomiyligi kamida bir yil boʻlgan oliy taʼlimdir. Magistratura mutaxassisliklarining va ularga muvofiq boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining roʻyxati taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan belgilanadi. Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni olish huquqiga ega.