Taʼlim toʻgʻrisida 19-modda. Katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish

Katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish butun umr davomida oʻqitishning markaziy tarkibiy qismi boʻlib, taʼlim berish hamda oʻqitishning jamiyat hayotida va mehnat faoliyatida katta yoshdagilarning ishtirok etishini taʼminlashga qaratilgan barcha shakllarini oʻz ichiga oladi, shuningdek rasmiy, norasmiy va informal oʻqitish jarayonlarining butun majmuini qamrab oladi. Rasmiy taʼlim davlat taʼlim muassasalari hamda davlat tomonidan tan olingan akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat taʼlim tashkilotlari ishtirokidagi institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va rejalashtirilgan taʼlimdir. Norasmiy taʼlim taʼlim xizmatlari taqdim etilishini taʼminlovchi shaxs yoki tashkilot tomonidan institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va rejalashtirilgan boʻlib, shaxsni butun hayoti davomida oʻqitishdagi rasmiy taʼlimga qoʻshimcha va (yoki) uning muqobilidir. Informal taʼlim aniq maqsadga yoʻnaltirilgan, ammo institutsionallashtirilmagan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtirmagan), rasmiy yoki norasmiy taʼlimdan koʻra kamroq tashkillashtirilgan va tarkiblashtirilgandir hamda oiladagi, ish joyidagi, yashash joyidagi va kundalik hayotdagi oʻquv faoliyatini oʻz ichiga olishi mumkin.