Taʼlim tashkilotining ustavi taʼlim turlarining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Taʼlim tashkilotining ustavida, qoida tariqasida, quyidagilar koʻrsatiladi: taʼlim turi va shakli; taʼlim tashkilotining maqsad va vazifalari; oʻquv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish hamda mazmuni; taʼlim tashkilotiga qabul qilish tartibi; taʼlim tashkilotining tuzilmasi, boshqaruv organlari va jamoatchilik tuzilmalari; taʼlim oluvchilar, pedagog kadrlar, oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha xodimlar, maʼmuriy-boshqaruv xodimlarining maqomi, huquqlari va majburiyatlari; taʼlim tashkilotining mol-mulki va vositalari; taʼlim tashkilotini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi. Taʼlim tashkilotining namunaviy ustavi: umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda bolalar uchun qoʻshimcha taʼlim tashkilotlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan; oliy taʼlim tashkilotlari huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktablar, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlari, shuningdek katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim tashkilotlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan; kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlari uchun — tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi. Taʼlim tashkilotining ustavi taʼlim tashkilotining taʼsischilari tomonidan tasdiqlanadi va hududiy tegishlilik boʻyicha Davlat xizmatlari markazi tomonidan roʻyxatga olinadi.