Taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish barcha talabgorlar uchun taʼlim olishga doir teng imkoniyatlarning taʼminlanishi prinsipi asosida amalga oshiriladi, shaxslarning ayrim toifalari bundan mustasno, ularga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar berilishi mumkin. Taʼlim tashkilotlari talabgorlarni va (yoki) ularning ota-onasini yoki boshqa qonuniy vakillarini ustav, litsenziya yoki xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun), davlat akkreditatsiyasi toʻgʻrisidagi sertifikat (bundan qoʻshimcha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari mustasno), oʻquv dasturi hamda taʼlim faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar, oʻquvchilarning huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirishi shart. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar oʻqishga oʻz ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligiga va psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan qabul qilinadi. Ayrim taʼlim tashkilotlariga (oliy taʼlim tashkilotlariga, akademik litseylarga, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar va boshqalarga) oʻqishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Taʼlim tashkilotlariga tanlov asosida oʻqishga qabul qilish chogʻida tanlov ishtirokchilariga tanlovni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi axborot taqdim etiladi. Davlat oliy taʼlim va professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish davlat granti va (yoki) toʻlov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Davlat taʼlim muassasalari va tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish tartibi taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan qoidalarni inobatga olgan holda, ushbu taʼlim tashkilotlari tomonidan belgilanadi. Chet ellik fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim muassasalariga qabul qilish toʻlov-