Taʼlim tizimidagi monitoring taʼlimning holatini, taʼlim natijalarining oʻzgarishi surʼatlarini, taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish va kuzatishni, shuningdek taʼlim oluvchilarning kontingenti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va boshqaruv qarorlari qabul qilinishini tahlil etishni oʻz ichiga oladi. Taʼlim tashkilotlarining monitoringi taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Taʼlim holatining tahlili va uni rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisidagi axborot taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va ular hududiy boʻlinmalarining, shuningdek taʼlim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi. Taʼlim tizimidagi maʼlumotlar jumlasiga rasmiy statistika maʼlumotlari, taʼlim tizimi monitoringi natijalari, taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va ular hududiy boʻlinmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda taʼlim tashkilotlarining maʼlumotlari kiradi.