Taʼlim toʻgʻrisida 43-modda. Taʼlim sohasidagi davlat nazorati

Taʼlim sohasidagi davlat nazorati berilayotgan taʼlimning mazmuni va sifati davlat taʼlim standartlariga, davlat taʼlim talablari va oʻquv dasturlariga, shuningdek ushbu Qonun talablariga muvofiqligini aniqlash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Taʼlim tashkilotlari taʼlim sifati ustidan nazoratni amalga oshirishda taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻmaklashadi. Taʼlim tashkilotlari tomonidan berilayotgan taʼlimning mazmuni va sifati taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilikka nomuvofiqligi aniqlangan hollarda taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari nomuvofiqlikni bartaraf etish yuzasidan ularga taqdimnoma kiritadi. Aniqlangan nomuvofiqlik bartaraf etilmagan taqdirda taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari taʼlim tashkilotining davlat akkreditatsiyasi toʻgʻrisidagi sertifikatini qonunchilikka muvofiq bekor qilishga haqli. Taʼlim sifati ustidan nazorat qilish vakolatlariga ega boʻlmagan organlar tomonidan taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifatini, taʼlim jarayoni tashkil etilishini, pedagog xodimlarining mehnat faoliyatini, taʼlim oluvchilarining oʻzlashtirishini tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda nodavlat taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati, shuningdek litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshiradi.