Taʼlim toʻgʻrisida 50-modda. Taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarni vaqtincha yashash joylari bilan taʼminlash

Kunduzgi taʼlim shaklidagi taʼlim tashkilotida taʼlim oluvchilarga, shuningdek sirtqi taʼlim shaklida yakuniy va oraliq attestatsiya davrida vaqtincha yashash joylari, ular mavjud boʻlgan taqdirda beriladi. Vaqtincha yashash joylari taʼlim oluvchilarga taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq beriladi. Vaqtincha yashash joylariga muhtojlar mavjud boʻlgan hollarda, ushbu joylardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Vaqtincha yashash joylaridan foydalanish uchun taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq toʻlanadi. Vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun toʻlov miqdori taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Davlat taʼlim muassasalari ayrim turdagi taʼlim oluvchilar uchun vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun toʻlov qiymatini kamaytirishga yoki ularni toʻlovdan toʻliq ozod qilishga haqli. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek oʻqitish davrida yetim boʻlib qolgan bolalar, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar (shaxslar) vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun haq toʻlashdan ozod qilinadi.