Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 125-modda. Qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari

Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash yuzasidan quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilishi mumkin: ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish; norentabel ishlab chiqarishlarni yopish; debitorlik qarzlarini undirish; qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish; qarzdorning talabidan oʻzganing foydasiga voz kechish; qarzdorning majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish; qarzdorning qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish; qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish; tijorat banklaridan, moliya institutlaridan qarz olish, shuningdek qarzdorning faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan shaxslardan mablagʻlar jalb etish; aksiyadorlik jamiyatining ustav fondini (ustav kapitalini) kreditorlik qarzdorligi hisobiga koʻpaytirish (qarzdorlikni aksiyaga ayirboshlash) toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan, ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlarning toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik (malakali koʻpchilik) ovozi bilan qabul qilinadi; qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish. Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari vakolatli davlat organining taqdimnomasiga binoan sud ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan qarzdorning faoliyat koʻrsatmayotgan obyektlarini konservatsiya qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.