Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 14-modda. Kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor etish

Lozim darajada xabardor etish deganda kreditorga, tegishli vakolatli organga, shuningdek ushbu Qonunning 12-moddasiga muvofiq kreditorlar yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxsga kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi haqidagi xabarni kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin pochta aloqasi orqali yoki bunday xabar kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida besh kun oldin olinishini taʼminlovchi boshqa usulda yuborish tushuniladi. Kreditorni yoki kreditorlar yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxsni shaxsan xabardor qilish uchun zarur maʼlumotlarni aniqlash imkoni boʻlmaganda yoxud mazkur shaxslarni shaxsan xabardor etish imkonini bermaydigan boshqa holatlar mavjud boʻlgan taqdirda kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi haqidagi xabarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda va u belgilagan ommaviy axborot vositasida eʼlon qilinishi ana shunday shaxslarni lozim darajada xabardor qilish deb eʼtirof etiladi. Kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: qarzdor yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri; kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy; kreditorlar yigʻilishining kun tartibi; kreditorlar yigʻilishida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan materiallar bilan tanishish tartibi; kreditorlar yigʻilishi ishtirokchilarini roʻyxatga olish tartibi; qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi. Sud boshqaruvchisi kreditorlar yigʻilishida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan materiallar bilan yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida uch ish kuni ilgari tanishish uchun kreditorlarga imkoniyat yaratishi kerak.