Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 143-modda. Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini boshlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish

Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishni tugatish boshqaruvchisi ushbu Qonunning 53 va 54-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi. Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida eʼlon qilinayotgan maʼlumotlarda quyidagilar boʻlishi kerak: qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va boshqa rekvizitlari; toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan sudning nomi va ishning tartib raqami; qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida sud qaror qabul qilgan sana; kreditorlar talablarini qoʻyishning belgilangan muddati, bu muddat mazkur eʼlon chiqqan sanadan eʼtiboran bir oydan kam boʻlishi mumkin emas; kreditorlar tomonidan qarzdorga oʻz talablarini bildirish uchun qarzdorning joylashgan yeri (pochta manzili) va (yoki) elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); tugatish boshqaruvchisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar. Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi maʼlumotlarni tugatish boshqaruvchisi boshqaruvchilikka tayinlangan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish uchun yuborishi kerak.