Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 190-modda. Ulush kiritish asosidagi qurilish boʻyicha quruvchining toʻlovga qobiliyatsizligining oʻziga xos xususiyatlari

Agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quruvchining toʻlovga qobiliyatsizligi bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonunda belgilangan, qarzdor yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligini tartibga soladigan qoidalar bilan tartibga solinadi. Ushbu Qonunning 38-moddasida nazarda tutilgan shaxslardan tashqari, qurilish faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi ham ulush kiritish asosidagi qurilish boʻyicha quruvchining (bundan buyon matnda quruvchi deb yuritiladi) toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsdir. Qurilish obyektini mulk huquqi asosida olish maqsadida ulush kiritish asosida qurilishda ishtirok etish shartnomasini tuzgan shaxsni (bundan buyon matnda ulushdor deb yuritiladi) sud boshqaruvchisi oʻzi tayinlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida quruvchiga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi haqida yozma ravishda xabardor qiladi. Qurilish ishtirokchilarining mablagʻlari va (yoki) ulush kiritish asosidagi qurilish boʻyicha ishtirokchilarining mablagʻlari jalb etilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar (koʻp kvartirali uylar), infratuzilma obyektlari va (yoki) ularga qoʻshilgan muhandislik-texnologik obyektlar kreditorlar yigʻilishi qaroriga asosan Ulush kiritish asosida qurish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi quruvchilarning elektron roʻyxatiga belgilangan tartibda kiritilgan boshqa qurilish tashkilotiga (bundan buyon matnda boshqa qurilish tashkiloti deb yuritiladi) qurilish ishlarini tugallash maqsadida topshirilishi mumkin. Bunda quruvchining ulushdorlar bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari ushbu obyektlarni qurilishni tugallash maqsadida qabul qilib olgan boshqa qurilish tashkilotiga oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qurilish faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining takliflari asosida qurilish obyektini Ulush kiritish asosida qurish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi quruvchilarning elektr