Jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza kreditor, davlat soliq xizmati yoki boshqa vakolatli organ tomonidan kreditorlarning pul majburiyatlari va soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlariga doir talablarini tasdiqlovchi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud boʻlgan taqdirda berilishi mumkin, bundan ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan sud qarori mavjud boʻlmagan taqdirda, jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi ariza kreditor tomonidan quyidagi talablar boʻyicha berilishi mumkin: notarial tarzda tasdiqlangan bitimlar asosidagi talablar; notariusning ijro yozuvi bilan tasdiqlangan talablar; jismoniy shaxs tomonidan tan olingan, ammo bajarilmagan pul majburiyatlari boʻyicha kreditor taqdim etgan hujjatlar asosidagi talablar; otalikni belgilash, otalikni (onalikni) rad etish yoki boshqa manfaatdor shaxslarni jalb etish zarurati boʻlmagan voyaga yetmagan bolalar uchun alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablar. Jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi arizaga ushbu Qonunning 41 — 43-moddalarida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga yakka tartibdagi tadbirkor maqomi mavjudligini yoki yoʻqotilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar (agar bunday faoliyat bilan shugʻullangan boʻlsa) ilova qilinadi.