Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 203-modda. Jismoniy shaxsning garov bilan taʼminlangan talablari

Sudning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib taomilini boshlash toʻgʻrisidagi qarori chiqarilguniga qadar undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi. Sud tomonidan jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasi tasdiqlanganidan keyin ushbu reja uchun jismoniy shaxsning mol-mulk garovi bilan taʼminlangan majburiyatlari boʻyicha ovoz bermagan kreditor undiruvni jismoniy shaxsning garovga qoʻyilgan mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli boʻlib, bu iltimosnoma, agar undiruvni mazkur mol-mulkka qaratish jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasini bajarishga toʻsqinlik qilishi isbotlanmagan boʻlsa, sud tomonidan qanoatlantirilishi mumkin. Kreditorlarning jismoniy shaxsning mol-mulk garovi bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish shartlari jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida koʻrsatilishi kerak. Bu shartlar garov bilan taʼminlangan kreditorlar tomonidan maʼqullanadi.