Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 229-modda. Qarzlarni toʻlash rejasi

Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi arizasiga qarzlarni toʻlash rejasi ilova qilinishi mumkin boʻlib, rejaning koʻchirma nusxasi kreditorlarga va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga yuboriladi. Kreditorlarning eʼtirozlari boʻlmagan taqdirda, sud qarzlarni toʻlash rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni koʻpi bilan ikki oy muddatga toʻxtatib turish uchun asos boʻladi. Qarzlarni toʻlash rejasi: qarzni toʻlash manbalarini; rejani amalga oshirish muddatini; qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summalar miqdorlarini; kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun har oyda yuborish nazarda tutilgan summalar miqdorlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Sud toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan muddatda qarzlarni toʻlash rejasini oʻzgartirishga, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini, qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summalar miqdorlarini koʻpaytirishga yoki kamaytirishga haqli. Agar qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor qarzlarni toʻlash rejasini bajarganligi natijasida kreditorlarning talablari toʻliq hajmda qanoatlantirilgan boʻlsa, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilishi lozim.