Sudning qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori hamda undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish haqidagi ijro varaqasi qarzdorning mol-mulki sotilishini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga yuboriladi. Ushbu Qonunga muvofiq tugatish massasiga kiritilmaydigan mol-mulkdan tashqari quyidagilar sotilishi lozim: qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning barcha mol-mulki; yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan qarzdor jismoniy shaxsning oʻzining avvalgi tadbirkorlik faoliyati natijasida olingan mol-mulki. Bunda jismoniy shaxs mol-mulkining uning avvalgi tadbirkorlik faoliyatida olingan mol-mulk jumlasiga taalluqliligi yoki avvalgi tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq emasligi sud tomonidan belgilanadi. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning koʻchmas mulkini yoki qimmatli koʻchar mol-mulkini doimiy boshqarish zarur boʻlganda sud mazkur maqsadlar uchun tugatish boshqaruvchisini tayinlaydi va unga toʻlanadigan haq miqdorini belgilaydi. Bu holda qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulki tugatish boshqaruvchisi tomonidan sotiladi. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning bank hisobvaragʻidagi va bank plastik kartalaridagi pul mablagʻlarining qoldigʻi, mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablagʻlari, shuningdek naqd pul mablagʻlari qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan sudning depozit hisobvaragʻiga kiritiladi.