Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 242-modda. Hozir boʻlmagan qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish

Sud hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish haqidagi arizani oʻz ish yurituviga qabul qilib olgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Hozir boʻlmagan qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishda kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv tartib-taomillari qoʻllanilmaydi. Sudning qarori vakolatli davlat organiga yuboriladi, bu organ mazkur qaror olingan kundan eʼtiboran bir haftalik muddatda sudga tugatish boshqaruvchiligiga nomzodni taqdim etadi. Tugatish boshqaruvchisi oʻziga maʼlum boʻlgan barcha kreditorlarni hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligi haqida yozma shaklda xabardor qiladi, ular xabarnomani olgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda tugatish boshqaruvchisiga oʻz talablarini taqdim etishi mumkin. Tugatish boshqaruvchisi hozir boʻlmagan qarzdorning mol-mulkini aniqlagan taqdirda sud mazkur boshqaruvchining iltimosnomasiga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomilini tugatish hamda toʻlovga qobiliyatsizlikning ushbu Qonunda nazarda tutilgan umumiy tartib-taomillariga oʻtish haqida ajrim chiqarishi mumkin.