Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 243-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan gʻayriqonuniy harakatlar

Toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan gʻayriqonuniy harakatlar deganda qarzdorga yoki kreditorlarga zarar yetkazgan mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egasining yoxud kreditorlarning yoki boshqa shaxslarning qasddan qilgan harakatlari bilan bogʻliq qoidabuzarliklar tushuniladi. Gʻayriqonuniy harakatlar jumlasiga quyidagilar ham kiradi: qarzdor mol-mulkining yoki majburiyatlarining hammasini yoxud bir qismini yashirish; qarzdorning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq hisobga olishga oid har qanday hujjatini yashirish, yoʻq qilish, buzib koʻrsatish, soxtalashtirish; mol-mulkni (shu jumladan pul mablagʻlarini) yashirish maqsadida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berib yuborish; buxgalteriya hujjatlariga zarur yozuvni kiritmaslik; qarzdorning kreditga olingan va haqi toʻlanmagan mol-mulkining hammasini yoki bir qismini sotish, yoʻq qilish, garov sifatida kiritish; mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egasining shaxsiy manfaatlarini yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligini oshirish; aylanma mablagʻlarni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish; kreditorlarga zarar yetkazish maqsadida qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish; kreditorning talablarini boshqa kreditorlarning zarar koʻrishi hisobiga afzalroq qanoatlantirish, shunday qanoatlantirishga rozilik berish; qarzdorning pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlarini bajarishdan qochish maqsadida qasddan oʻzini oʻzi tugatish.