Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 38-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagilardan iborat: qarzdor; sud boshqaruvchisi; kreditorlar, ular tomonidan qarzdorga ushbu Qonunda belgilangan tartibda talablar taqdim etilgan paytdan eʼtiboran; vakolatli davlat organi; qarzdorning majburiyatlari boʻyicha taʼminot bergan shaxs. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda qarzdor yuridik shaxs xodimlarining vakili, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) vakili yoki qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning vakili, kreditorlar yigʻilishi (kreditorlar qoʻmitasi) vakili hamda boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda qoʻllaniladigan har qanday tartib-taomil jarayonida sudga soxta toʻlovga qobiliyatsizlikka, toʻlovga qobiliyatsizlikni yashirishga yoki qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan alomatlarni aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.