Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud quyidagi sud hujjatlaridan birini qabul qiladi: qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi qaror; qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror; sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish va uning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ajrim; tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish va uning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ajrim; toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish haqida ajrim; toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizani koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrim; kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrim. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud hujjatlari, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, darhol ijro etilishi lozim. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud hujjatining koʻchirma nusxasi sud tomonidan darhol qarzdorning turgan joyidagi (yashash joyidagi) davlat ijrochisiga yuboriladi.