Sud xarajatlari, shu jumladan toʻlov muddati kechiktirilgan yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadigan davlat boji boʻyicha xarajatlar, maʼlumotlarni ushbu Qonunning 53 va 54-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish xarajatlari, shuningdek sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlari qarzdorning mol-mulki hisobidan navbatdan tashqari toʻlanadi. Kelishuv bitimida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlarni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin. Sud qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi alomatlari aniqlanmaganligi munosabati bilan uni bankrot deb topishni rad etish haqida qaror qabul qilgan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xarajatlar sudga qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bilan murojaat etgan kreditorlarga tegishli boʻladi va kreditorlar oʻrtasida ularning talablariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Sud xarajatlarini va sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlarini taqsimlash tartibi sudning toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorida yoki ajrimida belgilanadi.