Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 60-modda. Arizalar va shikoyatlarni koʻrib chiqish

Kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari jarayonida sud boshqaruvchisi bergan arizalar, shu jumladan oʻzi bilan kreditorlar oʻrtasida, oʻzi bilan qarzdor oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida ushbu Qonunga muvofiq berilgan arizalar, shuningdek kreditorlarning oʻz huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligi xususidagi shikoyatlari olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatdan kechiktirmay sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Sud boshqaruvchisining arizasiga, kreditorning shikoyatiga mazkur arizani yoki shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga ularning koʻchirma nusxalari yuborilganligiga oid dalillar ilova qilinishi kerak. Mazkur arizalar va shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan sud ajrim chiqaradi. Bu ajrim ustidan qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat berilishi mumkin. Quyidagilar: mehnat shartnomasi asosida ishlovchi shaxslarga mehnat haqi toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha talablarning miqdori hamda tarkibi xususida sud boshqaruvchisi va qarzdor xodimlarining vakili oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar; kreditorlarning, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakillari tomonidan ularning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Sudning ajrimi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan berilgan, shuningdek ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibni buzgan holda yoki tegishli ariza yoxud shikoyatni tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan holda berilgan ariza va shikoyatlar qaytarilishi kerak.