Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 71-modda. Subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslar

Qarzdor bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish jarayoni boshlangan kundan eʼtiboran toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek sud boshqaruvchisi oʻz tashabbusiga koʻra yoki kreditorlar yigʻilishining yoxud kreditorlar qoʻmitasining qaroriga muvofiq yoki vakolatli davlat organining koʻrsatmasiga asosan sudga subsidiar javobgarlikka tortish haqidagi ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Ushbu Qonunning 70-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini tamomlash toʻgʻrisida sud ajrimi chiqarilgandan soʻng qarzdorning xodimlari yoki sobiq xodimlari mol-mulk yetarli emasligi sababli qoplanmay qolgan qarzdorlik masalasi boʻyicha subsidiar javobgar boʻladigan shaxslarni subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida sudga murojaat etishga haqli. Ushbu Qonunning 70-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza berish huquqiga ega boʻlgan shaxs, subsidiar javobgarlikka tortish uchun tegishli asoslar mavjudligini bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran uch yil ichida, biroq qarzdorni tugatishga doir ish yuritishni tamomlash haqida sud ajrimi chiqarilgandan soʻng uch yildan kechiktirmay sudga subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.