Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 82-modda. Muvaqqat boshqaruvchini tayinlash

Muvaqqat boshqaruvchi kreditorlar yoki vakolatli davlat organi yoxud sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmasi taklif etgan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanadi. Sudning muvaqqat boshqaruvchini tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimida unga toʻlanadigan haq miqdori va uni toʻlash tartibi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Muvaqqat boshqaruvchiga toʻlanadigan haq miqdori kreditorlar yigʻilishining qarori asosida sud tomonidan oʻzgartirilishi mumkin. Muvaqqat boshqaruvchi uni oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. Muvaqqat boshqaruvchining uni oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan taqdirda sud kreditorlar taklif etgan nomzodlar orasidan yangi muvaqqat boshqaruvchini tayinlaydi. Muvaqqat boshqaruvchining nomzodi koʻrsatilmagan boʻlsa, sud muvaqqat boshqaruvchini vakolatli davlat organi yoki sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmasi taklif etgan nomzodlar orasidan tayinlaydi. Muvaqqat boshqaruvchi yangi muvaqqat boshqaruvchi tayinlanguniga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettiradi.