Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 18-modda. Fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish

Fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish ularni harbiy roʻyxatga olish, ularning sonini, harbiy xizmatga qay darajada yaroqli ekanligini, umumtaʼlim va jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi. Fuqarolarni qayd etish tuman (shahar) mudofaa ishlari organlari huzurida tashkil etiladigan chaqiruv uchastkalarida amalga oshiriladi va roʻyxatga olinayotganlarning turar joylarida oʻtkaziladi. Fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim muassasasidagi oxirgi oʻquv yilining oktabr-noyabr oylarida amalga oshiriladi. Chaqiruv uchastkasida qayd etilish uchun fuqarolar chaqiruv qogʻozida koʻrsatilgan muddatda mudofaa ishlari organlariga kelishlari va zarur hujjatlarni taqdim etishlari shart. Fuqarolarni tumanlardagi (shaharlardagi) chaqiruv uchastkalarida qayd etish uchun tarkibiga mudofaa ishlari organlari vakillari, mutaxassis vrachlar kiritiladigan fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish komissiyalari tuziladi. Chaqiruv uchastkalarida qayd etiladigan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan turli yoʻnalishdagi vrachlar, shu jumladan jarroh, terapevt, nevropatolog, psixiatr, koʻz kasalliklari, quloq, tomoq, burun kasalliklari, tish kasalliklari mutaxassislari, zarurat boʻlganda esa, boshqa ixtisosdagi vrachlar oʻtkazadi. Zimmasiga harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarning roʻyxatini yuritish vazifasi yuklatilgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan muddatlarda tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlariga chaqiruv uchastkalarida qayd etilishi lozim boʻlgan fuqarolarning roʻyxatini beradilar. Chaqiriluvchilarga chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma beriladi, huquq va majburiyatlari, harbiy roʻyxatga olish va harbiy xizmatga tayyorgarlik tartibi tushuntiriladi. Qayd etilgan vaqtdan boshlab fuqarolar harbiy roʻyxatga kiritiladilar.