Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 20-modda. Chaqiruvni oʻtkazish boʻyicha komissiyalar

Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish uchun quyidagi komissiyalar tashkil etiladi: 1) muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun: Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi (bundan buyon matnda Rahbariyat kengashi deb yuritiladi); Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida — harbiy-tibbiy komissiya (bundan buyon matnda harbiy-tibbiy komissiya deb yuritiladi); tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi (bundan buyon matnda butlash komissiyasi deb yuritiladi); 2) muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va Qurolli Kuchlar zaxirasiga oʻtkazish uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy komissiya (bundan buyon matnda hududiy komissiya deb yuritiladi); 3) chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, sogʻligʻining darajasini aniqlash va davolanishga yuborish uchun — mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiya (bundan buyon matnda hududiy tibbiy komissiya deb yuritiladi). Chaqiruvni oʻtkazish boʻyicha komissiyalarning tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Chaqiruvni oʻtkazish boʻyicha komissiyalarning shaxsiy tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi. Harbiy va muqobil xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart.