Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 26-modda. Harbiy xizmatni oʻtash tartibi. Harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasi

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi ushbu Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi. Harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasi: kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) va kichik ofitserlar uchun — qirq besh yosh; katta ofitserlar uchun — ellik yosh, polkovniklar (I rang kapitanlari) uchun — ellik besh yosh; general-mayor, general-leytenant va general-polkovnik harbiy unvonidagi ofitserlar uchun — oltmish yosh etib belgilanadi. Harbiy xizmatda boʻlish yoshi chegarasiga yetgan, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, shuningdek egallab turgan lavozimida yuksak kasbiy tayyorgarligi, katta amaliy ish tajribasi boʻlgan, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari yoki shunday vakolatlar berilgan boshqa mansabdor shaxslar tomonidan harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasidan besh yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.