Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 28-modda. Oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari va tinglovchilarining harbiy xizmati

Oliy harbiy taʼlim muassasalarida, shuningdek vazirliklar va idoralarning oʻqish harbiy xizmatga tenglashtirilgan taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan fuqarolar kursant (tinglovchi) tariqasida harbiy xizmatda boʻladilar hamda ular, agar ofitserlik tarkibi unvonlariga ega boʻlmasalar, kursant va bunday unvonlarga ega boʻlsalar, tinglovchi deb yuritiladilar. Oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirgunga qadar harbiy unvoni boʻlmagan fuqarolar oʻqishga qabul qilinganda ularga oddiy askar harbiy unvoni beriladi. Harbiy-taʼlim muassasisiga oʻqishga kirgunga qadar berilgan harbiy unvonlar saqlanib qoladi. Kursantlarning (tinglovchilarning) harbiy xizmatni oʻtash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Oliy harbiy taʼlim muassasasidan, shuningdek oʻqish harbiy xizmatga tenglashtirilgan taʼlim muassasasidan oʻqishdan chiqarilgan kursantlar rezervga boʻshatiladi yoki isteʼfoga chiqariladi yoxud ular, agar muddatli harbiy xizmat uchun belgilangan muddatlarni oʻtamagan boʻlsalar, muddatli harbiy xizmatni oʻtashni davom ettirish uchun qoʻshin qismlariga yuboriladi. Oliy harbiy taʼlim muassasasidan oʻqishdan chiqarilgan kunda chaqirilish yoshiga yetmagan kursantlar harbiy roʻyxatda turish uchun turar joylaridagi mudofaa ishlari organlariga yuboriladi. Oʻqishning ikkinchi yilida oliy harbiy taʼlim muassasasidan chetlashtirilgan kursantlar (bundan intizomsizligi tufayli va sogʻligʻining holatiga koʻra chetlashtirilganlar mustasno) oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirishi mumkin.