Muqobil xizmat fuqarolarning umumiy harbiy majburiyatni bajarishining chaqiruv boʻyicha harbiy xizmat oʻrniga iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida kam malaka talab etiladigan (yordamchi) ishlarni, shuningdek falokatlar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan alohida turidir. Oʻn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʻlgan, harbiy roʻyxatda turuvchi va xizmatga chaqirilishi lozim boʻlgan fuqarolar, agar ular diniy taʼlimoti qurol-yarogʻdan foydalanish va Qurolli Kuchlarda xizmat qilishga yoʻl qoʻymaydigan, roʻyxatga olingan diniy tashkilotlar hisobida tursalar, muqobil xizmat huquqiga ega. Muqobil xizmatning muddati yigirma toʻrt oyni, oliy maʼlumotli fuqarolar uchun esa oʻn sakkiz oyni tashkil etadi.